Buyuk rus adibi, dramaturg va nasr yozuvchisi - Aleksandr Sergeyevich Pushkinning hayoti, ijodi va ulkan merosi

Aleksandr Sergeyevich Pushkin (1799-yil 26-may(6-iyun) Moskva — 1837-yil 29-yanvar (10-fevral) Sankt-Peterburg) - yangi rusadabiyotining realistik yo‘nalishiga asos solgan ulug‘ rus adibi, dramaturg vanasr yozuvchisi, adabiyot tanqidchisi va nazariyachisi, tarixchi, publisist,XIX-asr birinchi yarmining eng oro‘li adabiyot arboblaridan biri.
Pushkin hali tiriklik paytidayoq eng buyuk rus milliy shoiri sifatida shon-shuhratga ega bo‘lgan.
Dunyodagi har qanday xalqning donishmandligi va qalb nazokatini o`zida mujassamlantirgan shoiri bo`ladi. Rossiya, nafaqat Rossiya butun dunyo rusiyzabon kishilarida inson ma`naviy olamining musavviri, shubhasiz, Aleksandr Sergeyevich Pushkin. U nurga intilib, doim ozodlik uchun kurashuvchi shoir, buyuk va mutlaq nekbin bo`lib yetishdi. Bu xususida rus xalqining buyuk shoiri Aleksandr Blok: «Pushkinning nomi naqadar jarangdor», - deb ta`riflagan edi.

Buyuk tatar shoiri Abdulla To`qay XX- asrning boshida yozgan asarlaridan birida Aleksandr Sergeyevich Pushkinni she`riyat osmoning yorqin yulduzi deb atagan edi. Bu ta`rif chiroyli shoirona tashbeh bo`lsa-da, unda rus shoiri ijodining mohiyati, ular yaratgan she`riyatning qimmati to`g`ri va haqqoniy aks etgan. Mana, bir yarim asrdirki, bu nom jahon she`riyatining eng yuksak, eng porloq yulduzi kabi nafis qalblarga, go`zallik va ezgulik ishtiyoqida yongan yuraklarga saxiylik bilan nur taratib kelmoqda. Pushkin yaratgan asarlar – lirik she`rlar, dostonlar, ertaklar, dramatik asarlar, hikoyalar, qissalar, romanlarning hamasi vaqt sinovidan muvaffaqiyat bilan o`tdi. Chinakam san`at asari zamonlar o`tishi bilan qarimas, aksincha, har qaysi zamonda avval uncha ko`zga tashlanmagan yangi qirralari jilolanib yasharib borar ekan. Pushkinning qay bir asarini o`qimang, ular xuddi kechagina yozilgandek tuyuladi. Shuning uchun ham bugungi kunda bu asarlar har qanday sarhadlardan oshib o`tib, dunyoning hamma go`shalariga yetib bordi. Bugungi kunda Pushkin Yevropava Osiyoda, Afrika va Avstraliyada ham, Shimoliy va Janubiy Amerika qit`alarida ham kitobxonlarning eng sevimli yozuvchilaridan biri bo`lib qolgan. Bu buyuk so`z san`atkorining taqdiri yana bir haqiqatni tasdiqlaydi – daho shoirlar, ulug` adiblar hamisha bir xalqning farzandi, bir muhitning mevasi o`laroq maydonga keladiyu, keyinchalik hamma xalqlarning farzandiga aylanib ketadi. Bugun dunyodagi yuzlab xalqlar qatori o`zbek xalqi ham Pushkinni o`zlarining sevimli ijodkorlari sifatida sevadi va uning asarlarini qayta-qayta o`qishdan charchamaydi. Undan o`z milliy adiblari kabi faxrlanadi, asarlaridan bahramand bo`ladi. Buning sababi shundaki, Pushkin o`z davrining eng ilg`or g`oyalarini yuksak mahorat bilan ifodalay olgan. U rus milliy shoiri bo`lgani holda umuminsoniy haqiqatlarni hayqirib kuylagan edi. Albatta, Pushkin buyuk shoir sifatida har qaysi o`ziga xos, bir-birini takrorlamaydigan ijodiy olamni yaratgan.

Ma`lumki, Rossiya 1812-yilda Vatan urushini boshidan kechirdi – rus qo`shinlari buyuk sarkarda Mixail Illarionovich Kutuzov boshchiligida butun Yevropani titratgan Napoleon I Bonapart armiyasini tor-mor qildi va uni Rossiyadan quvib chiqardi. Darhaqiqat, bu buyuk g`alaba Rossiyadagi ilg`or kuchlarning vatanparvarlik tuyg`ularini oshirib-toshirdi, ularning qalbini o`z vatani, o`z xalqi uchun iftixor hislariga to`ldirdi. Vatan urushi butun dunyo qarshisida Rossiyaning buyuk mamlakat ekanini, rus xalqining esa iste`dodi ham, qudrati ham bitmas-tuganmas buyuk xalq ekanini yana bir marta namoyish etdi. Ayni choqda, shu buyuk g`alabaning shu`lasi Rossiya hayotining ilgari ko`zdan nari, panada yotgan tomonlarini ham yoritib yubordi, jamiyatning juda keskin ijtimoiy ziddiyatlarini ochib tashladi. Ma`lum bo`ldiki, Napoleonni yenggan, tarixning ijodkori bo`lgan xalq benihoya qiyin sharoitda zulmat qo`ynida, zulm iskanjasida, erksizlik va jaholat to`rlariga chulg`angan holda yashar ekan.

Butun mamlakatda krepostnoy huquq hokim: bu huquqqa binoan dehqon pomeshchikning mulki hisoblanar edi. Pomeshchik o`z dehqonini ishlatishi, qonini zulukdek so`rishi, ko`ngliga kelsa buyumdek sotib yuborishi, istagancha tahqirlashi mumkin edi. U dehqonni o`ldirib yuborgan taqdirda ham, hech kim qotil pomeshchikning mushugini pisht deyolmas edi. Mamlakatning ilg`or fikrli, sof vijdonli odamlari bunday ahvolga chidab turolmadilar. Mavjud ijtimoiy tartiblarni, krepostnoy huquqni, unga panoh bo`lib turgan monarxizm sistemasini tanqid qilish boshlangan, Rossiyani Yevropa mamlakatlariga qiyos qilish kuchaygan, adolatli, erkin, ma`rifatli jamiyat barpo etish uchun kuchli harakat boshlan edi. Bu harakat tarixda dekabristlar harakati degan nom bilan shuhrat qozondi: 1825-yilning 14-dekabr kuni bir qancha zobitlar Sankt-Peterburgda Senat maydoniga chiqib, podshoga qarshi isyon ko`tardilar. Isyon shafqatsiz suratda bostirildi. Uning ishtiokchilaridan besh kishi dorga osildi, yuzlab odamlar Sibirga surgun qilindi, turmalarga tashlandi. Isyon bostirildiyu, lekin podsho hukumati uning ruhini bostira olmadi. Senat maydonida ro`yi-rost namoyon bo`lgan isyonkorlik ruhi, erkinlik istagi, ma`rifatga, ziyoga tashnalik, zulmatga, jaholatga nafrat, rus xalqini uning bo`yi bastiga, qudratiga, buyukligiga munosib tarzda ozod va baxtiyor ko`rish ishtiyoqi yashashda davom etdi. Xuddi shu ruh, shu g`oyaviy tamoyillar XIX asrdagi rus adabiyoti, musiqasi, rassomchiligi uchun qudratli qanot bo`ldi va ularning yuksak parvozini ta`minladi. Pushkin birinchilardan bo`lib, shu isyonkorlik ruhidan bahramand bo`ldi va birinchilardan bo`lib, erksevarlik g`oyalarini, zulmga qarshi otashin nafratlarini o`z asarlariga singdirib yubordi. Uning she`riyati tom ma`nodagi kurashchan she`riyat edi. U o`z asarlarida rus kishisiga muhabbatni kuyladi, oddiy insonning buyukligini tarannum etdi. Bu buyuk insonning ijodi odamlar qalbida ezgulikka ishtiyoqni barq urdirib, zulmat ichidagi nurdek porladi.

Rus xalqining ulug` shoiri Aleksandr Sergeyevich Pushkin 1799-yil 6-iyunda Moskvada kambag`allashib qolgan dvoryan oilasida tug`ildi. Uning onasi Nadejda Osipovna buyuk Pyotrning arabi deb shuhrat qozongan, keyinchalik general darajasiga ko`tarilgan Ibrohim Gannibalning nevarasi edi. Otasi Sergey Lvovich kambag`allashib qolgan dvoryanlardan bo`lib, ma`rifatli, adabiyotni yaxshi ko`radigan odam bo`lgan. Ya`ni shoirning otasi adabiyotga juda qiziqqan bo`lib, uning boy kutubxoasi ham bor edi. Aleksandrning amakisi Vasiliy Lvovich Pushkin bo`lsa o`zi she`rlar ham yozib turar, zamonasining taniqli shoiru adiblari bilan yaqin muloqotda bo`lardi. Pushkinlar xonadoniga Nikolay Mixaylovich Karamzin, Igor Ivanovich Dmitriyev, Konstantin Nikolayevich Batyushkovlar tez-tez kelib turganlar.

Pushkinning ota-onasi farzandini chet ellik tarbiyachi – guvernerga (guverner - murabbiy, tarbiyachi) topshirgan edi. Pushkinning guvernerdan olgani shu bo`ladiki, u yetti yoshga kirganida frantsuz tilida mukammal o`qiy va yoza oladigan bo`lgan. Biroq fransuz tarbiyachilari Pushkin tarbiyasiga foydali ta`sir ko`rsata olmaganlar. Bolalik chog`larida Pushkinda buvisi Mariya Alekseyevna Gannibal chuqur taassurot qoldirdi. Mariya Alekseyevna nabirasini behad yaxshi ko`rgan, unga ko`p vaqtini bag`ishlagan. U yosh Pushkinni rus tilida o`qish va yozishga o`rgatdi, unga ajoyib xalq ertaklarini aytib berdi. Shuningdek, Rossiyaning qadimgi turmushidan jonli hikoyalar aytib bergan. U nevarasiga, ayniqsa, podsho Pyotr Birinchining faoliyati haqida, bobokaloni Gannibal to`g`risida gapirishni juda yoqtirgan edi. Keyinchalik Pushkin rus tarixiga chuqur qiziqish bilan qaragan, hatto tarixiy mavzularda o`nlab asarlarni yaratgan. Pushkindagi tarixga qiziqishning dastlabki urug`larini uning qalbiga buvisi Mariya Alekseyevna ekkan edi.

Rus krepostnoy dehqonlari, uy xizmatkorlari Pushkinning eng yaqin do`stlari edi. Pushkin enagasi Arina Rodionovnani hammadan ham ko`proq sevar edi. Pushkin buvisi va enagasidan eshitgan ertak va qo`shiqlarni umrbod esida saqlab qoldi. Ular Pushkinda ona tili va xalq poeziyasiga muhabbatni uyg`otdi.
Pushkinning o`zi kun bo`yi otasining kutubxonasida bo`lar, boshini ko`tarmay kitob o`qir edi. U o`n besh yoshga qadam qo`yganida rus va fransuz tilidagi ko`p kitoblarni va badiiy asarlarni o`qib chiqib, anchasini yod olgan edi.
Badiiy adabiyotni tinimsiz o`qishi, enagasidan va buvisidan eshitgan ertak va hikoyalari Pushkinda ijodga bo`lgan iste`dodni barvaqt uyg`otdi. U har xil janrlarda qobiliyatini sinab ko`rdi: masallar, she`rlar, doston va komediyalar yozdi.

1811-yilda Peterburg yaqinidagi Tsarskoye seloda o`rta va oliy ma`lumot beradigan maxsus o`quv yurti – litsey ochildi. Pushkin 12 yoshga to`lganda amakisi Vasiliy Lvovich uni Moskvadan Peterburgga olib keladi. Yosh Aleksandr qabul imtihonlarini topshirib, mana shu litseyga kirdi.
Bu litsey podsho Aleksandrning buyrug`i bilan nufuzli dvoryanlarning bolalari uchun ochilgan bo`lib, undan podshoning umidi katta edi. Ammo podshoning bu umidlari puchga chiqdi.
Pushkin va u bilan birga o`qishga kirgan o`ttizta o`smir litseyning birinchi talabalari edi. Ular tezda do`stlashib ketishadi.
Litsey yopiq o`quv yurti bo'lgn: tarbiyalanuvchilar litseyda ham o`qir, ham yashar edilar. Litsey o`quvchilari o`qituvchilar bergan bilim bilangina cheklanib qolmay, hayot va odamlar haqida yana ham ko`proq bilim olishni istar edilar. Ular, ayniqsa, adabiy hayot va siyosiy voqealar bilan juda qiziqardilar.
Pushkin o`z o`rtoqlariga hamma vaqt samimiy munosabatda bo`lar, ayniqsa, Ivan Ivanovich Pushchin, Anoton Antonovich Delvig, Vilgelm Karlovich Kyuxelbekerni juda ham yahshi ko'rar edi. Ular keyinchalik rus tarixida salmoqli iz qoldirishdi va umr davomida Pushkinga sadoqatlarini saqlab qolishdi. Delvig, Kyuxelbekerlar she`rlar yozar edi. Bu she`rlar o`quvchilarning gazetalarida va rasmli qo`l yozma jurnallarida chiqarilar edi.
Litsey talabalari ko`plab kitoblar o`qishar va o`qiganlari ustida qizg`in bahslar qilishardi. Pushkin o`qishda ham, bahslarda ham tengdoshlari orasida ajralib turardi.
Pushkinning litseyda o`qigan chog`lari 1812-yilgi Vatan urushining tarixiy voqealariga to`g`ri keldi. Bu voqea butun mamlakatni hayajonga soldi va ko`p kishilarda vatanparvarlik, milliy iftixor tuyg`ularini uyg`otdi.
Pushkin va uning o`rtoqlari litseyda tahsil olayotgan vaqtlaridayoq krepostnoy tuzumning nobopligi va adolatsizligini tushunib olgan ilg`or kishilar bilan tanishadilar.

Ularning fikrlari, nutqlari va xatlari Pushkinning o`z hayotini xalqqa va uning ozodligi uchun kurashga bag`ishlash kerakligini anglashga yordam berdi.
Pushkin litseyda o`qib yurgan vaqtlaridayoq she`rlar yoza boshlaydi Pushkinning shoirlik shuhrati litsey doirasidan chetga chiqadi. Uning matbuotda bosilgan ilk asari 1814-yildan «Vestnik Yevropi» («Yevropa darakchisi») jurnalida «Shoir do`stimga» she`ri bo`lib, mazmuniga ko`ra u Kyuxelbekkerga bag`ishlangan edi. Pushkin yozgan ilk she`rlari qo`lma-qo`l bo`lib ketadi va u ko`pchilikning e`tiborini qozonadi. Hatto Vasiliy Andreyevich Jukovskiydek atoqli shoir Pushkin bilan tanishish uchun atayin litseyga keladi. Jukovskiy keyinroq shoir Pyotr Andreyevich Vyazemskiyga yozgan maktubida litseyga borish tafsilotini to`la bayon qilib Pushkinni «adabiyotimizning umid yulduzi» deb atagan edi. U yana: «Biz hammamiz birlashib, bu iste`dodning o`sishiga yordam bermog`imiz darkor. Kelgusida u hammamizni ortda qoldiradigan ulug` shoir bo`lib yetishadi», deydi.
Pushkinning boshqa she`rlari yuqorida ta`kidlab o`tganimiz she`ri e`lon qilingandan keyin, bir yil keyin esa boshqa jurnallarda ham muntazam ravishda bosila boshlaydi.
Pushkin haqida yozgan mualliflarning deyarli hammasi uning litseydagi hayotidan yana bir voqeani eslab o`tishadi. Bu –1815-yilning yanvarida bo`lgan voqea. O`shanda talablarning yuqori kursga o`tishlari oldidan imtihon bo`lgan.
Pushkin 1815-yil yanvarida litseyda tantanali imtihon vaqtida mashhur shoir Derjavin huzurida yangi yozgan «Tsarskoye Selo xotiralari» she`rini baland ovoz bilan o`qib beradi. «Mening ovozim, - deb yozadi Pushkinning o`zi bu paytni eslab, - o`spirinlarnikidek jaranglar, qalbim esa huzurbaxsh shodlik bilan to`lgan edi. Men she`rimni qanday o`qib tamomlaganimni xotirlay olmayman. O`qib bo`lib qayerga qochganimni eslay olmayman. Derjavin haddan tashqari quvonib, men bilan quchoqlashib ko`rishmoqchi bo`lib, meni yo`qlatibdi…Ammo meni qidirib topolmadilar».
Darhaqiqat, imtihonda ishtirok etgan shoir Derjavin she`rdan g`oyat ta`sirlanib, ko`ziga yosh olib, Pushkinni quchmoqchi, peshonasidan o`pmoqchi bo`ladi. Biroq Pushkin ham hayajonda o`zini tutolmay, she`rini o`qib bo`lishi bilan, zaldan yugurib chiqib ketgan va hech kim topolmaydigan joyga yashirinib olgan edi.
Pushkin litseyda 6 yil tahsil oldi, 1817-yilda uni tamomlab, chinakam hayot yo`liga kirdi. U shoir bo`lib yetishgan edi.

Pushkin litseyni bitirgandan so`ng, davlat mansabdori etib tayinlandi. Lekin yosh shoirni bu xizmat qiziqtirmas edi. Uni poytaxtdagi madaniy hayot o`ziga tortdi. U ko`p mutolaa qildi, adabiy jamiyat va to`garaklarda qatnashdi, teatrlarga muntazam ravishda borib turdi va musiqani juda sevdi. Pushkin, ayniqsa, ijtimoiy-siyosiy voqealarni diqqat bilan kuzatib bordi.
Bu yillarda dvoryanlarning krepostnoy zulmga nafrat bilan qarovchi ilg`or qismlari yashirin jamiyatlar tuzib, bu jamiyatlarda podshoga va pomeshchiklarga qarshi qo`zg`olon ko`tarishga tayyorgarlik ko`rdilar.
Pushkin ularning harakatida bevosita ishtirok etmasa ham, ularning a`zolari bilan juda yaqindan aloqada bo`ldi. U inqilobchi dvoryanlarning otashin kuychisi bo`lib qoldi, qullik kishanlarini parchalab tashlashga qaratilgan, hurriyatparvarlik g`oyalari bilan sug`orilgan «Erkinlik» qasidasi (1817), «Chadayevga», «Ertaklar» (1818), «Qishloq» (1819) degan she`rlarini, podsho Aleksandr I, uning ministr va amaldorlariga qarshi hajviyalar yaratdi. Bu asarlar qo`l yozma holda faqat dvoryanlar o`rtasidagina emas, balki hurriyattalab ziyolilar, savodli dehqonlar va askarlar o`rtasida ham keng tarqaldi.

Pushkinning bu vaqtlarda yozgan asarlari ichida litseydaligida boshlagan va 1820-yil ko`klamida tugatgan «Ruslan va Lyudmila» dostoni ayniqsa diqqatga sazovordir.
Ammo Pushkin xavf-xatar ostida qoladi. Uning she`rlari podsho qo`liga ham tushadi. Aleksandr I litsey direktori Engelgardt bilan uchrashganda, uning sobiq shogirdi Pushkinni tilga olib, u: «Pushkin kishini g`azablantiruvchi she`rlari bilan butun Rossiyani to`ldirib yubordi: yoshlar hammasi uning she`rlarini yod biladilar… Pushkinni Sibirga surgun qilish kerak», - degan edi.
Bu nohaq buyruqdan xabardor bo`lgan shoirning do`stlari Karamzin, Jukovskiy, Chadayev uni surgundan qutqarib qolish uchun harakat qilishadi. Bu harakat tufayli shoirning qismati birmuncha yengillashadi. Uzoq va sovuq Sibirga yuborish o`rniga Pushkinni Rossiyaning janubiga surgun qiladilar. Shoir 1820-yilning may oyida endigina 21 yoshni qarshi olgan vaqtida qarindoshlari va do`stlari bilan xayrlashib, Peterburgdan janub tomonga, Bessarabiya noibi general Inzov qo`l ostidagi xizmatga surgunga ketdi.

Pushkin general Inzov idorasi o`rnashgan Yekaterinoslav (hozirgi Dnepropetrovsk) shahriga kelishi bilanoq, Dneprda cho`milib, xastalanib qoldi.
Shu vaqtda 1812-yilgi urush qahramoni general Rayevskiyning oilasi Pushkinni ko`rgani keladi; Rayevskiyning o`g`li Pushkinning do`sti edi. Rayevskiylar oilasi Kavkaz va Qrimga ketayotgan edilar. Ular shoir bilan samimiy munosabatda bo`ladilar. Pushkinni davolatishni sabab qilib general Inzovdan ruxsat olishga va uni o`zlari bilan birga olib ketishga muvaffaq bo`ladilar. Pushkin Kavkazga borib, ikki oy davomida ma'danli suvda (Pyatigorskda) davolanadi, so`ngra Rayevskiylar bilan birga Qora dengiz bo`ylab sayohat qiladi.
Janubning tabiati shoirni maftun etdi. Pushkin Kavkazdaligida tog` xalqlarining hayoti va urf-odatlari bilan tanishadi; Rayevskiyning katta o`g`li bilan birga ingliz shoiri Bayronning bir qancha asarlarini ruschaga tarjima qildi. Ko`plab she`rlar yozdi. «Kavkaz asiri» dostonini yozishga kirishdi. Qrimda u bir qancha qadimgi afsonalarni yozib oldi. Qrimdan qaytishda yo`l-yo`lakay Boqchasaroyga qo`ndi. «Boqchasaroy fontani» dostonining mavzusi va g`oyasi shu yerda tug`ildi.
Pushkin 1820-yilning sentyabr oyida Kishinyovga bordi, chunki u sayohatda yurganida Inzovning idorasi Kishinyovga ko`chirilgan edi. Pushkin surgunda bo`lgan vaqtlarida ham Rossiyaning ilg`or kishilari bilan yaqin aloqa bog`lay oldi. Rossiyaning shimolida bo`lgani kabi, janubida ham samoderjaviye va krepostnoychilik tuzumiga qarshi kurashuvchi yashirin jamiyatlar tashkil etilgan edi. Pushkin Kishinyovda janubiy jamiyatning rahbari Pestel va boshqa dekabristlar bilan tanishdi. Ular o`z shoirlarini yaxshi ko`rishar va unga ishonar edilar.

Pushkin Kishinyov surgunida uch yilcha (1823-yilning iyul oyigacha) bo`ldi. Bu yillar Pushkin ijodining gullagan davri edi. Kishinyovda u bir qancha yirik asarlar va ajoyib she`rlar yozdi. «Kavkaz asiri» dostonini tugatdi (doston 1822-yilda bosilib chiqdi). «Boqchasaroy fontani» ustida ishladi. 1823-yil mayda «Yevgeniy Onegin» romanini yoza boshladi. «Afsungar Oleg to`g`risida qo`shiq» balladasi, «Tutqun» she`rini ham shu yillar orasida yozdi.
Pushkin, ozroq muddatga bo`lsa ham, Peterburgga borib turishga ruxsat etilishini bir necha marta iltimos qildi, lekin podsho amaldorlari uning iltimosini rad qildilar. Shundan keyin shoir o`zining boshqa biron kattaroq shaharga ko’chirilishini so`radi. Bu ishda o`rtoqlari ham unga yordamlashdilar va 1823-yilning yozida Pushkin Odessaga, Janubiy o`lka general gubernatori graf Vorontsovning qo`l ostiga yuborildi.
Bu vaqtda Pushkin hammaga mashhur shoir edi. Odessaning ilg`or kishilari, ayniqsa, yoshlar Pushkinni do`stona kutib oldilar.
Odessadagi dvoryan asilzodalar ichida Pushkinning anchagina dushmanlari ham bor edi. Ularning eng ashaddiysi graf Vorontsov o`z atrofidagilarning xushomadlariga, ta`zim qilib turishlariga odatlangan takabbur amalparast edi. Xalqning shoirga bo`lgan muhabbati, kishilar tomonidan uning nomi sevib tilga olinishi Vorontsovga hech yoqmadi. U Pushkinni kamsitishga, obro`sizlantirishga harakat qilar, unga munosib bo`lmagan mayda ishlarni buyurar va hatto, uni ta`qib qilish uchun maxfiy odam qo`ygan edi.
Pushkin bu amalparastga bo`yin egmadi, unga atab hajviya yozdi. Shundan keyin Vorontsov Pushkin ustidan shikoyat qilib, Peterburgga xatlar yozdi va shoirning Odessadan jo`natib yuborilishini talab qildi. Bir kuni Pushkinning o`z do`stlaridan biriga yozgan xati politsiya qo`liga tushadi, xatni ochib o`qiydilar, Bu xatda shoir o`zining dinga ishonmasligini yozgan ekan. Bu xat shoirdan tezroq o`ch olish uchun bahona bo`ladi. Natijada 1824-yil yozida podshoning amri bilan Pushkin Odessadan Pskov gubernyasiga, o`z ota-onasining joyi Mihaylovskoye qishlog`iga surgun qilindi.

Pushkin Mihaylovskoyeda ikki yil yashadi. Bu «zerikarli», og`ir yillarda shoirning eng yaqin kishisi uning enagasi Arina Rodionovna bo`lib qoldi. «U mening birdan-bir do`stim, faqat u bilangina zerikmayman», deb yozgan edi Pushkin. Shoir enaganing ertaklarini, hikoyalarini mehr-muhabbat bilan tinglar va ravon, obrazli so`zlarini eshitib, benihoya xursand bo`lardi. Enaga Pushkinga «Dengiz ortida faqirona yashovchi chittak» haqida yoki «Suvga borayotgan qiz» haqidagi qadimgi rus xalq qo`shiqlarini, ziqna pop, uning chaqqon xizmatkori, Sulton shoh va boshqalar haqidagi ertaklarini aytib berar edi.
Mihaylovskoyeda Pushkinning xalq og`zaki ijodiyotiga bo`lgan qiziqishi yanada kuchaydi. Pushkin gadoy, ko`rlarning qo`shiq, ertak va hikoyalarini tinglaydi va yozib oladi. U dehqonlarning so`zlarini, maqollarini eshitadi. Buyuk shoir xalqdan o`rganib, so`z boyligini oshiradi. U oddiy kishilarning sodda hayotini o`rganadi. Rus qishlog`ining ajoyib manzarasini, uning qahraton qorli qishini, go`zal bahorini, oltin kuzini ko`rdi. Bu taassurotlarning hammasi shoir ijodida o`z aksini topdi.
Pushkin xilvat Mihaylovskoye qishlog`ida ko`p va samarali ishladi.
Bu yerda u «Lo`lilar» dostonini yozib tugatdi, yuzga yaqin lirik she`rlar yaratdi. «Yevgeniy Onegin» she`riy romani ustidagi ishini davom ettirdi. U 1824-yilning oxiridan to 1825-yilning oxirigacha «Boris Godunov» nomli fojiasini yozdi. Bu asarning bosh qahramoni xalq bo`lib, shu jihatdan u jahon adabiyotida birinchi hisoblanadi. Yuqorida ta`kidlab o`tganimizdek, buvisining yoshligida aytgan hikoyalari ta`sirida shoirda tarixga bo`lgan qiziqish katta edi. Shu munosabat bilan u «Boris Godunov» fojiasini yozadi. Pushkinning o`zi eslashiga ko`ra, u 1825-yilning noyabrida fojiaga nuqta qo`ygach, uni yolg`iz o`zi ovoz chiqarib o`qiydi-da, keyinqarsak chalib, «Yashavor, Pushkin!» deya hayqirgan ekan.

1825-yilda Pushkinning qadrdon do`stlaridan Delvig bilan Pushchinning uni ko`rishga Mihaylovskoyega kelishlari shoir hayotida eng quvonchli damlaridan biri bo`ldi.
Xuddi shu yilning noyabrida podsho Aleksandr I ning o`lgani, 14 dekabrda ko`tarilgan dekabristlar qo`zg`olonining yangi podsho Nikolay I tomonidan shafqatsiz bostirilgani to`g`riisidagi xabarlar Mihaylovskoyegacha yetib keldi.
Jazolanganlar qismati shoirni qattiq qayg`uga soldi. «Osib o`ldirishga o`ldirdilar, lekin 120 do`stim, yoru birodarim va o`rtoqlarimning katorga qilinishi g`oyat dahshatli!»- deb yozgan edi Pushkin.
Tintuv vaqtida qamoqqa olingan dekabristlarning ko`pidan Pushkin she`rlari topilgan va dekabristlar ularni inqilobiy ishlarga Pushkin she`rlari ilhomlantirganligini aytganlar.
1826-yil sentyabr oyi boshida Pskov gubernatori mansabdorlaridan biri Pushkin oldiga kelib, shoirga yo`lga tayyorlanish kerakligini buyuradi. Chunki yangi podsho uni afv etib, Moskvaga chaqirtirgan edi. Shu bilan shoirning surgun davri tugaydi.
Lekin bu narsa shoirga ko`rsatilgan marhamat bo`lmay, balki podsho va uning jandarmlarining hiyla-nayrangdan iborat siyosati edi. Ular ulug` shoirni bundan keyin chekka bir joyda saqlab turish mumkin emasligini angladilar. Pushkin allaqachonlar xalqning sevimli shoiri bo`lib qolgan va uni butun Rossiya yaxshi tanir edi. Podsho uni saroy shoiriga aylantirish fikrida chaqirtirgan edi.

Yo`ldan charchab kelgan Pushkinni to`ppa-to`g`ri podsho huzuriga olib kirdilar. Shu kunlarda Moskvada bo`lgan podsho uning yakka o`zini qabul qildi. Nikolay dastavval Pushkindan shunday deb so`radi: «Agar sen Peterburgda bo`lsang, 14- dekabrdagi voqeada ishtirok etgan bo`larmiding?» Shoir o`ylab ham turmay, to`ppa-to`g`ri javob berdi: «Albatta, davlatpanoh! Mening hamma o`rtoqlarim qatnashgan isyonda men ham ishtirok etmay qolmas edim». Podsho o`zini eshitmaganga solib qo`ya qoladi. Podsho hali Pushkinni xayr-ehsonlar bilan qo`lga o`rgatib olishdan umidvor edi.
Podsho bu uchrashuvda Pushkinni o`z tarafiga tortish maqsadida munofiqlik bilan unga istagan yerda «ozod» yashashga ruxsat berdi. Nikolay I Pushkin bilan so`zlashgan paytda o`zini uning himoyachisi, do`sti qilib ko`rsatishga harakat qildi. Ammo ko`p o`tmasdan u adashganini tushunadi. Buni shoirni ta`qibdan qochirmay, uning ustidan uzluksiz ma`lumotlar yozib turgan ayg`oqchilar ham tasdiqlashadi. «Pushkinning qalami va gap-so`zlari hech qachon hukumat foydasiga yo`naltirilmaydi» deb xulosa chiqarilgan shunday ma`lumotlarning birida, ammo shunda ham podsho «mehribonlik» bilan shoirga homiylik qilishni qo`ymaydi. Lekin bunaqa zo`raki homiylik Pushkinga foydadan ko`ra zarar keltirardi. Chunki podsho adabiyot masalalarida durustroq maslahat beradigan, ijodkorning o`ziga xos tabiatini tushunadigan darajada dono emas edi.
Moskva Pushkinni xursandchilik bilan kutib oldi. Moskvada shoirning ko`pgina samimiy do`stlari bo`lib, ular uning zo`r talantini juda sevar va qadrlar edilar. Lekin Pushkinning do`stlari bilan birga dushmanlari ham bor edi. Moskvadagi to`ralar va boylar unga yomon ko`z bilan qarar edilar.
Pushkin Moskvadagi hayotining birinchi oylaridayoq o`zining erkin emasligini seza boshladi. Jandarmlar ko`z-quloq bo`lib, shoirni hamma vaqt poylab yurar edilar. Uni bir necha martalab tergovga chaqirdilar. Pushkin jandarmlardan so`roqsiz Moskvadan tashqariga bir qadam ham chiqa olmas edi. Jandarm boshlig`i, podshoning shoir orqasidan qo`ygan nazoratchisi graf Benkendorf Pushkinning o`z asarlarini podshoning ruxsatisiz bosib chiqarishi u yoqda tursin, hatto o`rtoqlariga o`qib berishga ham yo`l qo`ymasedi.
Nikolay I va dvoryan aslzodalari Pushkinni «o`z» shoirlariga aylantirish mumkin emasligiga tezda ishondilar. Ulug` shoir samoderjaviyega bo`ysunmadi, dekabristlar yengilgan bo`lsalar ham, Pushkin ularga avvalgiday sodiqligicha qolaverdi. Pushkin Mihaylovskoye qishlog`idan qaytgandan so`ng yozgan she`rlarida dekabristlar ishining g`alaba qozonishiga bo`lgan ishonchini dadillik bilan kuyladi.

Pushkin surgundan ozod qilingandan keyingi bir necha yil shoirning «sargashtalik yillari» deb ataladi. Haqiqatdan ham hukumat doiralari bilan to`qnashish, rasmiy jurnal tanqidchiligi bilan kelishmaslik, ularning shoir ijodining ahamiyatini tushunmasligi, dekabrist do`stlaridan judolik – hammasi qo`shilib, Pushkinda diqqinafaslik, zerikish, hayotidan norozilik hissini uyg`otadi. Bu yillarni u bir joydan boshqa joyga ko`chish bilan o`tkazadi. U goh Moskvada, goh Mihaylovskoye, goh Peterburg, goh Malinovkada «Tver guberniyasidagi bir tanishining mulkida», goh Ostafyevoda (Moskva atrofida) yashaydi.
Pushkin surgunda g`azablanib yurgan dekabristlar va do`stlarining taqdiri haqida doimo o`ylar edi. Bu uning ijodida ham aks etdi. U «Arion» (1827) she`rida: «O`shaqo`shiqlarni hali ham kuylayman», deydi. «Sibirga maktub» (1827) she`rini do`stlariga yuborib, ularga bo`lgan mehrini bayon etdi. Pushkin hatto podsholikdan ruxsat so`ramay, dekabristlar harakatida ishtirok etganliklari uchun askar qilib Kavkazga urushhga yuborilgan (Rossiya bilan Turkiya o`rtasida urush borar edi) ba`zi do`stlarini ko`rish maqsadida to`ppa-to`g`ri harakatdagi armiya safiga (Arzrumga) jo`nab ketdi. Bu safar uchun Pushkin Benkendorf orqali podshodan hayfsan olgan edi.
1830-yilning bahorida Pushkin Arzrumdan Moskvaga qaytib keldi. Shu yilning kuzida otasining yer-suvi joylashgan Boldino qishlog`iga borib, uch oy turdi.
Shu uch oy ichida u eng ko`p asar yaratdi. «Yevgeniy Onegin»ning VIII va IX boblarini, «Kolomnadagi uy» she`riy qissasini, to`rtta «Kichik fojialar»ini, «Belkin povestlari», «Goryuxin qishlog`i tarixi», talay she`rlar, adabiy-tanqidiy maqolalarini yozdi. Bu asarlarda Pushkin realizmi yanada chuqurlashdi.
Pushkin 1831-yilda Moskavaning go`zal qizlaridan biri bo`lgan Natalya Nikolayevna Goncharovaga uylandi va to`ydan keyin er-xotin Peterburgga ko`chib ketishdi. «Men uylandim, baxtiyorman, - deb yozadi Pushkin do`sti Pletnyovga. – birdan–bir istagim shuki, hayotimda hech narsa o`zgarmasin – bundan yaxshirog`iga erisholmayman». Biroq bu gal ham Pushkin istaganday bo`lmaydi. Peterburgda Pushkin va Natalya Goncharova podsho saroyiga yaqin guruhlar davrasiga jalb qilinadi. Bu davra esa faqat hashamatli ballar, tantanovor kechalar, ziyofatlar bilangina emas, har xil mayda ig`volar, g`iybatlar bilan ham band edi.
Tabiiyki, bunday bo`g`iq muhit havosidan nafas olish Pushkinga malol keladi. Biroq Pushkin o`z ixtiyorini kiborlar muhitining oqimiga berib qo`ymaydi. U yana tinimsiz mehnatga beriladi. Xuddi shu yillarda Pushkin bir qator ertaklar yartadi. «Shoh Sulton va uning azamat o`g`li Gvidon haqida ertak», «Baliqchi va oltin baliq haqida ertak», «O`lik malika va yetti bahodir haqida ertak», «Pop va uning xizmatkori Balda haqida ertak» kabilar shular jumlasidandir.
Pushkin yana chet ishlar Kollegiyasiga xizmatga olindi va kanselyariyada o`tirish o`rniga ulug` Pyotr tarixini yozish uchun arxivlarda ishlashga ruxsat etildi.

1833-yilda Pushkin podshoning ruxsati bilan Rossiya bo`ylab to`rt oy safarga jo`naydi va Qozon, Orenturga, Uralsk kabi shaharlarda bo`lib, arxiv materiallari bilan tanishib, Yemelyan Pugachyov harakati haqida ilmiy ish yozmoqchi bo`ldi. Shu niyatini amalga oshirish maqsadida 1833-yilning yoz oylarida Pugachyov harakat qilgan joylarni, uni ko`rgan-bilgan qariyalar bilan suhbatlashib, qo`zg`olon haqidagi ma`lumotlarini boyitdi. U safardan qaytishida Boldino qishlog`ida to`xtab, kuzni shu yerda o`tkazdi. «Pugachyov tarixi» kitobini, «Mis chavandoz» dostonini, «Qarg`a xonim» hikoyasini va bir talay she`rlarini yozdi.
Pushkinni dehqonlar qo`zg`oloni mavzusi ko`pdan qiziqtirib kelar edi. «Dubrovskiy» asari ham shu mavzuda yozildi.
Pushkinning nasriy asarlari ichida «Dubrovskiy» asari alohida o`rin tutadi. Dastavval, Pushkin Dubrovskiy hag`ida roman yozmoqchi bo`lgan, biroq ish davomida bu niyatidan kechib, qissa yozish bilan cheklangan. Asar hajman kichkina bo`lsa-da, mazmunan juda teran. Ma`lumki, Dubrovskiy pomeshchik bo`lsa-da,adolatsizlikka qarshi bosh ko`targan isyonkor odamdir. To`g`ri, uning isyonkorligi bir oz torroq xarakterga ega, u birinchi navbatda, otasi uchun pomeshchik Troyekurovdan o`ch olish maqsadida harakat qiladi, biroq shunday bo`lsa-da, ayrim o`rinlarda uning isyoni kengroq mazmun kasb etadi. Qissa psixologik jihatdan puxta dalillangan, o`tkir syujet asosiga qurilgan, ayni choqda, har qanday sun`iylikdan, zo`rma-zo`rakilikdan xoli. Eng muhimi shundaki, Pushkin butun qalbi bilan Dubrovskiyni mard, olijanob, adoltli odam tarzida ko`rsatadi. Adib o`z qahramoni Troyekurovning qizi Mashaga muhabbatini tasvirlashda ham birinchi navbatda, Dubrovskiydagi ritsarlik xislatlarini alohida ta`kidlaydi.

Pushkinning so`nggi asarlaridan biri «Kapitan qizi» qissasidir. Bu qissa 1836-yilning 19-oktyabr kuni yozib tugatilgan bo`lib, Pushkin prozasining eng yaxshi namunasi hisoblanadi. Bu qissa ham tarixiy asar - unda Yemelyan Pugachyov qo`zg`oloni bilan bog`liq voqealar aks etgan. Biroq yozuvchi aynan Yemelyan Pugachyov obrazini asarining markaziga qo`ymaydi. Asarning bosh qahramonlari Orenburg qal`asining komendanti kapitan Mironov, uning rafiqasi Vasilina Yegorovna, zobit yigit Pyotr Grinyov, uning sevgilisi – kapitan qizi Masha Mironovadir. Shuningdek, Pyotr Grinyovning xizmatkori Savelyich ham qissada o`ziga xos o`rin egallaydi. Aleksanr Sergeyevich Pushkin asar personajlarning hammasini yorqin ranglarda, hayotiy bo`yoqlarda tasvirlaydi. Ayniqsa, qissada Pyotr Grinyovning og`ir hayotiy sinovlarda ulg`ayishi, mardona tabiatining shakllanishi yaxshi tasvirlangan – u bizning ko`z o`ngimizda bo`shgina tajribasiz yigitdan xavf-xatarlardan qo`rqmaydigan tadbirkor zobitga aylanadi.
Pushkin Yemelyan Pugachyov obrazini ikkinchi darajali personaj sifatida ko`rsatsa-da, unga o`zining xayrixohligini yashirmaydi. Birinchi marta u bo`ronda adashgan Grinyovni to`g`ri yo`lga solib yuboradi va buning evaziga barinning qimmatbaho po`stini bilan taqdirlanadi. Keyinchalik esa u Pyotr Grinyovni va Masha Mironovani dordan xalos etib, o`zining olijanobligini ro`yi rost namoyish etadi.

Pushkin 1835-yilning oxirida «Sovremennik» (Zamondosh) degan jurnalni nashr etishga ruxsat oldi. U hayot vaqtida chiqqan shu jurnalning to`rt sonida «Kapitan qizi», «Arzrumga sayohat», «Xasis ritsar» asarlari va bir necha she`rlari ham bosildi.
Bu orada Pushkinning boshi ustidagi bulutlar quyuqlasha boradi. Podsho Nikolay I har xil yo`llar bilan shoirni tahqirlashga urinadi, uni kamsitadigan ishlar qiladi. Shu maqsadda u Pushkinga kamer –yunkerlik unvonini beradi. Bu unvon odatda yosh yigi’larga beriladigan unvon bo`lgani uchun, Pushkin buni kamsitishdek qabul qiladi. Shuning uchun shoir g`ururini qo`ldan bermay yozadi: «Men fuqaro bo`lishim, hatto qul bo`lishim mumkin, biroq sira-sira malay va masharaboz bo`lmayman!». Bo`yin egishdan bosh tortish, malay bo`lishni istamaslik tufayli Pushkin bilan kiborlar munosabati borgan sari yomonlashadi.
Umrining oxirgi yillarida Pushkin uchun ijod qilish va yashash tobora og`irlashdi. Shoirning xotini Natalya Nikolayevna Goncharova saroy bazmlarini sevar, kam o`qir, erining ijodi bilan qiziqmas edi. Pushkinning xotini uchun va ko`payib turgan oila a`zolari uchun bo`lgan harajati ham osha bordi. Shoirning daromadi esa oz edi. Buning ustiga Pushkinni yomon ko`ruvchi kiborlar jamiyati unga qarshi hujumni kuchaytirishni davom ettirdilar. Bu hujum usti yaltiroq, ichi qaltiroq gvardiya zobiti Djorj Sharl Dantes chet eldan Rossiyaga kelgan vaqtda ayniqsa avj oldi. Uning shoirning xotiniga odamlar o`rtasida oshkora gap otib yurishi Pushkinning sha`niga isnod keltiradigan g`iyb’atlarga sabab bo`ldi. 1836-yilning noyabr oyida Pushkin imzosiz maktub oladi. Maktub Pushkinni haqorat qilgan, uning nomusini tahqirlovchi iboralarga to`liq edi. Pushkin bu maktubni golland elchisi Gekkeren yozgan deb o`ylaydi va uning tutinggan o`g`li Dantesni duelga chaqiradi. Shoir gap faqat Dantesdagina bo`lmay, balki podsho boshliq butun kiborlar jamiyatida ekanligini yaxshi tushunsa ham, uni duelga chaqirishga majbur bo`ldi. Bundan tashqari, Dantes o`ta surbet odam bo`lib, Pushkinning xotiniga oshkora xushomad qilgan edi.

1837-yilning 8-fevralkuni (eski hisobda 27-yanvar) da Peterburg yaqinida, "Chyornaya rechka" deb nomlangan joyda o`q tovushi eshitildi. Bu otilgan o`q bilan Pushkin halok bo’lgan edi. Razil fransuz aslzodasi, Gollandiya elchisining asrandi o`g`li, zobit libosidagi yollangan qotil Dantes ulug` shoirni og`ir yarador qildi. Rus xalqiga yot va dushman bo`lgan Dantes Rossiyaga amal va boylik izlab kelgan edi. Dvoryan aslzodalariuning qonli qo`lini Pushkinga qarshi ko`tartirgan edilar. Dueldan ikki kun keyin – 10-fevralkuni (eski hisobda 29-yanvar) da Pushkinning yuragi urushdan to`xtadi.
Podsho Nikolay I va uning hukumati duel bo`lishidan avvaldan xabardor edi, biroq uning olidini olib, buyuk shoirni o`limdan saqlab qolish uchun hech narsa qilmaydi. Aksincha, Pushkinni dafn qilish marosimi umumxalq namoyishiga aylanib ketishidan qo`rqqan podsho buyuk shoirni imi-jimida ko`mish haqida ko`rsatma berdi.
Sevikli xalq shoiri bilan xayrlashish uchun minglab kishilar keldilar. Ular o`z shoiri uchun motam tutgan oddiy rus kishilari edilar. Pushkinning tobuti ustida ho`ngrab yig`lagan oddiy bir cholni ko`rib undan: «Siz shoirning qarindoshimisiz?» - deb so`raganlarida u qaddini rostlab olib: «Men – rusman!» deb javob bergan edi. Faqat saroy kishilarigina shoirga motam tutmadilar.
Podshoga «Pushkinning vafotidan beri… uning uyiga 50 mingga yaqinkishi kelib ketdi», deb ma`lumot yuborildi. Shunchalik ko`p xalqning Pushkin uyiga kelishi Nikolay I ni tahlikaga soldi. U Pushkinning jasadi solingan tobutni yashirin ravishda jandarmlar nazorati ostida Pskov guberniyasidagi "Svyatiye Gori" degan joyga olib ketishni buyurdi. Ulug` shoirni 1837-yil 15-fevral kuni (eski hisobda 6-fevral) da Mihaylovskoye qishlog`i yonidagi qadimgi Svyatigorskiy monastrining devori yoniga ko`mdilar.

Jahon adabiyoti tarixidagi eng buyuk siymolardan birining hayoti ana shu tarzda fojia bilan tamom bo`ldi. Biroq podsho boshliq zamonaning qora kuchlari Pushkin nomini har qancha yo`qqa chiqarishga urinishmasin, buning uddasidan chiqa olmaydilar: Pushkin she`riyati osmonida quyoshdek balqishda davom etadi. Uning asarlari esa sekin-asta Rossiya sarhadlaridan o`tib, dunyoning eng olis joylarigacha yetib boradi va millionlab odamlarning qalbini zabt etadi. Beixtiyor shoirning o`limidan oldin yozgan so`nggi yirik she`ri «Haykal» esga tushadi.
Unda shoir asarlaribilan o`ziga «qo`lda sozlab bo`lmaydigan haykal» yaratganini, hech qachon haykal poyiga olib keluvchi «xalqning ziyorat yo`lini maysa-giyoh band qilmasligini aytadi:
Butun Rossiyani chulg`ab olar ovozam,
Undagi har bir ulus meni yodlab turajak.
Mag`rur olov bolasi,fin ham, bukun beorom
Yurgan tungus, hatto dashtin bir qalmoq.
Shoirning bashorati to`g`ri chiqdi. Bugun u jamiki xalqlar uchun eng ardoqli shoir bo`lib qoldi.
Pushkin bevaqt vafot etdi: «Rus she`riyatining quyoshi» so`ndi, lekin uning o`lmas asarlari xalqlar qalbida mangu qoldi. Uning asarlari samoderjaviye va dvoryanlarning jabr-zulmiga qarshi nafrat o`tini yoqdi.
Yuqorida ta`kidlab o`tganimizdek, Pushkinga butun xalq motam tutdi. Peturburgda bir she`r qo`lma-qo`l yura boshladi.
Lermontov «Shoirning o`limi» she`rida Pushkinning haqiqiy qotilini dadil va mardona ko`rsatib berdi. Bu she`r qo`l yozma holida Peterburg va butun mamlakatga yoyildi.

«Shoirning o`limi» deb atalgan bu she`rda og`ir judolikalami ham, bu fojiani tug`dirgan qora kuchlarga nafrat ham g`oyat zo`r ehtirosbilan ifodalangan edi. Albatta, o`sha kunlarda buyuk shoir kiborlar dunyosining qurboni bo`lganini, uni turli-tuman fisqu fasodlar halok qilaganini, podsho esa bu fojianing oldini olish o`rniga voqealaarning borishini loqayd qalb bilan tomosha qilib turganini ancha-muncha odam bilardi. Bilardiyu, lekin hech kim buni baralla ovoz bilan aytgani yo`q edi. She`rda Pushkinning o`limi haqidagi haqiqat ro`yi rost aytilgandi. Unda mavjud qonunlar ortiga yashiringan, podsho taxtini panoh qilibolgan saroy ahli ochiqdan-ochiq shoirning jallodi, deb atalgan, bu qora kuchlar kelgusida javobgar bo`lishi, jazolanishi muqarrar ekani ta`kidlangan edi.
Pushkin asarlari jonajon xalqni hurmat qilish va sevishga o`rgatadi. Biz uning bolalar uchun yozgan va bolalar tomonidan sevib mutolaa qilinadigan asarlari xususida to`xtalish orqali ushbu fikrning to`g`ri ekanligiga yana bir bor ishonch hosil qilamiz.
Aleksandr Sergeyevich Pushkin xalq og`zaki ijodini bolalikdan berilib o`rgangan edi. Buloqday qaynab-toshgan xalq og`zaki ijodi shoirning ilhomiga ilhom qo`shdi. Kelajakda mashhur shoir bo`lib, jahonga tanilishida boy manba bo`lib xizmat qildi. U, ayniqsa, o`zining ertak-dostonlari bilan yosh kitobxonlarning hurmat-olqishiga sazovor bo`lib kelmoqda.
Bugungi kunga kelib butun dunyo bo'ylab Aleksandr Sergeyevich Pushkinga lunyonig 50 dan ortiq mamlakatlarida haykallari o'rnatilgan.

Aleksandr Sergeyevich Pushkin o`zining «Pop va uning xizmatkori Balda haqida ertak» (1831), «Baliqchi vaoltin baliq haqida ertak» (1833), «O`lik malika va yetti bahodir haqida ertak»(1833), «Oltin xo`roz haqida ertak» (1834) kabi ertak-dostonlari bilan jahon bolalar adabiyoti xazinasini yanada boyitdi.
Yuqorida biz ta`kidlabo`tgan asarlarning hammasi boy va rang-barang xalq og`zaki ijodi ta`sirida yuzaga kelgan. Bu asarlar zamirida faktik materiallar yotganligini ko`ramiz. Masalan,shoir «Ajoyib bolalar», «Egriqo’» xalqertaklai asosida «Shoh Sultonva uning azamat o`g`li knyaz Gvidon haqida ertak», «Qurumsoq kampir» xalq ertagi va rus xalq folklorining to`plovchilaridan biri Vladimir Ivanovich Dal hikoya qilib bergan syujet asosida «Baliqchi va oltin baliq haqida ertak», «Sehrli ko`zgu» ertagi asosida «O`lik malika va yetti bahodir haqida ertak», uzoq yillar xalqni ayovsiz ishlatib, unga rahm-shafqat nima ekanligini bilmay o`tgan va uning hatto pok xizmatlarini o`zida mujassamlantirgan «Shabarsha batrak» ertagi asosida «Pop va uning xizmatkori Balda haqida ertak» yaratilganligini ko`ramiz. Bu ertaklarning hammasi shoirning ijodiy ustaxonasida ishlanib, sayqallanib, yanada o`qimishli, ta`sirli qilib yaratilgan. Ayniqsa, oltin baliqva baliqchi chol haqidagi ertagi juda ommalashib ketgan.

Pushkin oddiy, mehnatkash xalqni yaxshi ko`rardi,uni iloji boricha himoya qilishga, yon bosishga harakat qilar edi. Shuning uchun ham uning ertak-dostonlarida xalqqa bo`lgan cheksiz hurmat tuyg`usi barqurib turadi.
Masala, «Oltin xo`roz haqida ertak»dagi shoh Dadon g`irt ahmoq, na xalqni sevadi va na farzandlariga mehribon otalik qila oladi. Dadon o`taketgan darajada maishatparast va kaltabin. U butun podsholigidan, xalqidan, farzandlaridan o`zga yurtli makkor ayolni ustun qo`yadi. Buni xalq kechirmaydi. Natijada shoh xalqning qahr-g`azabiga duchor bo`ladi. Oltin xo`roz tepkisidan halok bo`lgan shohga birovning rahmi ham kelmaydi, shohning o`limi ularga shodlik va ozodlik baxsh etadi.
Pop («Pop va uning xizmatkori Balda haqida ertak») obrazini shoir o`ziga xos tarzda aks ettirib eradi. Tekinxo`r, ochko`z, o`zgalar hisobiga umr kechiradigan bir pastkash kimsa ekanligini keskin ochib tashlaydi. Unga qarama-qarshi qilib oddiy va halol, mehnatkash va bahodir yigit Balda obrazini ijod cho`qqisiga ko`taradi.
Ikki qahramonning bozordagi o`zaro suhbatidanoq kitobxon kimning qanday inson ekanligini darhol sezadi.

Hayotda har bir narsaning, jumladan,tekinxo`rlik, ochko`zlikning ham poyoni, oxiri bor. Kaltabin pop chertkini yeb halok bo`ladi. Dastlab pop uni bir yil qattiq ishlatadi. Balda bergan va`dasiga binoan to`rt kishining ovqatini yeb, yetti kishining ishini qiladi. Lekin va`dalashilgan vaqt yaqinlashgan sari pop undan qanday qutulish yo`lini qidira boshlaydi. Oxiri xotini bilan maslahatlashib, Baldani huzuriga chaqirib bir vaqtlar jinlar unga o`lpon, to'lash kerakligini, biroq uch yildan beri hech qanday haq to'lamagnini aytradi. Balda uning gapibilan jinlar huzuriga borib, ularning barcha shartlarini bajarib, aytilgan o`lponni popga keltirib beradi va va`dasiga binoan popni chertadi. Natijasi esa o`quvchiga ma`lum.
«Baliqchi va oltin baliq haqida ertak» dostonida shoir pok muhabbat mangu bo`lishini orzu qiladi. Boylik, mansab deb o`tgan kunni unutmaslikni istaydi. Bundan tashqari, kimki halol peshona teri to`kib boylik orttirmasa, birovlar hisobiga boyiydigan bo`lsa, u hech qachon yuqmasligini, birovnikimi, tamom birovnikiligicha qolib ketishini kampirning qismati bilan chog`ishtirib hikoya qiladi. Yer yuzi, butun olam hukmroni bo`lib olgan kampir cholni mensimaganligi uchun, ochko`z va badbaxtligi uchun yana eski hammom, eski tos bilan qolib ketaveradi. Buni shoir cholning so`zi bilan juda chiroyli ifodalaydi.

Rostgo`y, haqiqatni yoqlovchi shoir «O`lik malikava yetti bahodir haqida ertak», «Shoh Sulton va va uning azamat o`g`li knyaz Gvidon haqida ertak» asarlarida haqiqat bir kun emas, bir kun o`z o`rnini topadi, hamma baxtli, baxtiyor bo`ladi, degan fikrni ilgari suradi.
Aleksandr Sergeyevich Pushkinning xalq og`zaki ijodiga asoslanib yozgan «Ruslan va Lyudmila» asari ham bolalar qalbiga ancha yaqin turadigan dostonlardan biri hisoblanadi. Rus ertaklari, qo`shiqlari, afsonalari bu g`aroyib asarga favqulodda go`zal mazmun bergan. Yuksak insonparvarlikni o`zida mujassamlashtirgan yorqin talant egasigina shunday asarni yarata olardi.
Mashhur rus romantik shoiri Jukovskiy «Ruslan va Lyudimila» dostoni nashr etilgach, Pushkinga «G`olib o`quvchimga mag`lub murabbiydan» deb yozilgan portretini sovg`a qiladi. Bu buyuk shoir dahosiga, qaysiki, ustozdan g`olib kelib va zamondan ilgarilab ketgan kurashchan insonga berilgan xolisona baho edi.
Mana shuning uchun Pushkinga Rossiyaning mangu, otashin shoiri bo`lib qolmoq baxti nasib etdi.

Odam.uz tahririyati. Har bir maqolani odam tekshiradi va sodda, jonli oʻzbek tilida yozamiz. Maqsadimiz - foydali boʻlish va vaqtingizni behuda sarflamaslik.